2023-yilning 5-7-iyun kunlari Samarqand shahrida xodimlarning aviatsiya sohasida ingliz tili (ICAO EASPG LPRI TF/42) bilish darajasi malakasini oshirishga qo‘yiladigan kasbiy talablarni amalga oshirish bo‘yicha ICAO Maxsus komissiyasining 42-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Avstriya, Daniya, Gruziya, Qozog‘iston, Moldova, Polsha, Rossiya Federatsiyasi, Malta, Marokash, O‘zbekiston, shuningdek, ICAO, EASA, IATA, AOPA, Xalqaro aviatsiya ingliz tili assotsiatsiyasi kengashining shtab-kvartirasi va Yevropa/Shimoliy Atlantika mintaqaviy byurosi vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistondan “O‘quv-mashg‘ulot markazi” MChJ mutaxassislari ilk bor 2019-yilda ICAO EASPG LPR TF aniq maqsadga yo‘naltirilgan guruh tarkibida ishtirok etishgan edi. Xodimlar tashabbuskorlik ko‘rsatib aviatsion ingliz tili sohasida o‘zlarini namoyish qila oldi. Shu munosabat bilan 2021-yilda “O‘quv-mashg‘ulot markazi” MChJ direktori o‘rinbosari Inna Abdullayeva ICAO maxsus komissiyasining “Davlatlarni Qo‘llab-quvvatlash\Amalga oshirish” kichik guruhi rahbari etib saylandi.
Ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda ICAO hujjatlari loyihalari va parvoz ekipajlari hamda havo harakati dispetcherlarining aviatsion ingliz tili sohasidagi bilimlarini baholash usullari va mezonlarining xalqaro standartlari bo‘yicha muhokamalar olib borildi. 2008-yilda ICAO tomonidan havo hududidan foydalanadiganlarning barchasi uchun ingliz tilini bilish talablari kuchaytirilishi munosabati bilan til bilishni tasdiqlovchi 6-darajadagi progressiv shkala joriy etildi. Xalqaro reyslarni amalga oshiruvchi barcha uchuvchilar va ularni nazorat qiluvchi aviadispetcherlar tilning kamida 4-darajasini (ishchi daraja) bilishi kerak.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori T.Nazarov, “Uzbekistan Airways” AJ tarkibiy bo‘linmasi hisoblangan “O‘quv-mashg‘ulot markazi” MCHJ rahbari S.Gurfinkel so‘zga chiqdilar, shuningdek, Uzbekistan Airways parvozlar faoliyati va O‘zbekiston Respublikasida aviatsiya xodimlarini tayyorlash tizimi to‘g‘risidagi taqdimotlar namoyish etildi. Shu bilan birga, yig‘ilishda ICAO Maxsus komissiyasining keyingi 4 yillik muddat uchun yangi raisini saylash bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tdi. Ko‘pchilik bir ovoz bilan rais lavozimiga O‘zbekiston vakili bo‘lgan “O‘quv-mashg‘ulot markazi” MChJ direktori o‘rinbosari Inna Abdullaevani tayinlandi.
Uzbekistan Airways – O‘zbekiston Respublikasining 1992-yilda tashkil etilgan milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda aviakompaniya aviaparkida 33 ta havo kemasi mavjud, 65 dan ortiq yo‘nalishlarga muntazam va charter aviaqatnovlarni amalga oshiradi, vakolatxonalari esa dunyoning 20 dan ortiq shaharlarida faoliyat olib boradi. Bugungi kunda Uzbekistan Airways MDH orasida Toshkentdan Nyu-Yorkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam transkontinental parvozlarni amalga oshiruvchi yagona aviakompaniya hisoblanadi. 1992-yilning 12-noyabrida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ICAO’ning a‘zosiga aylandi. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti BMTning xalqaro fuqaro aviatsiyasi normalarini belgilaydigan va xavfsizlik hamda samaradorlikni oshirish maqsadida uning rivojlanishini muvofiqlashtiruvchi ixtisoslashtirilgan muassasa sanaladi.