Joriy yilning 9-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda V. I. Sevastyanov nomidagi Sochi xalqaro aeroportida Uzbekistan Airways aviakompaniyasining havo kemasi zarar ko‘rgan aviatsiya hodisasi haqida ma’lumotlar tarqaldi.
“Uzbekistan Airways” AJ Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:
“Joriy yilning 9-avgust kuni o‘zbek aviakompaniyasining havo kemasi Sochi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-9686 muntazam qatnovini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan.
Havo kemasini shatakka olayotgan vaqtda shatakka oluvchi transport keskin siltanishi oqibatida buksirovka vodilasidagi boltga shikast yetdi. Shundan so‘ng, shatakka olish to‘xtatildi va parvozni amalga oshirish cheklovi o‘rnatildi.
Aviakompaniya rahbariyati Sochidan Toshkentga yo‘lovchilarni qaytarish uchun Boeing 757 zaxira laynerini yuborishga qaror qildi. Havo kemasini yuborish uchun ham vaqt talab etiladi, sababi barcha qatnovlar qat’iy jadvalga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan.
HY-9686 Sochi – Toshkent yo‘nalishidagi qatnovi 167 yo‘lovchi bilan 10-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:38 da Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi”.
Texnik ishlar bajarilganidan so‘ng hozirda havo kemasi parvozni amalga oshirishga tayyor.
“Uzbekistan Airways” AJ Axborot xizmati jurnalist va blogerlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishga hamisha tayyor ekanini ma’lum qiladi”.
Hurmatli yo‘lovchilar va kutib oluvchilar, norasmiy manbalar orqali noto‘g'ri ma’lumotlar olinmasligi uchun Sizdan Uzbekistan Airways aviakompaniyasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida yangiliklarni kuzatib borishingizni so‘raymiz.