Uzbekistan Airways aviakompaniyasining o‘quv markazi uchuvchilarni dastlabki tayyorlash bo‘yicha o‘z loyihasini ishlab chiqmoqda. Hozirda kurslarda texnika oliy o‘quv yurtlarining 15 nafar bitiruvchisi tahsil olmoqda, ular uchuvchilik kasbini puxta egallamoqda. Shu bilan birga, aviatashuvlarning jadal rivojlanishi kurs o‘quvchilari sonini yiliga 50 kishigacha oshirishni talab etadi.
Markazimizda o‘quv bazasini kengaytirish maqsadida yangi bir dvigatelli “FNPT Cessna 172” samolyot simulyatori foydalanishga topshirildi. Ushbu simulyator Niderlandiyaning “TRC simulators” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, uchuvchilar tayyorlash uchun ICAO standartlari talablariga to‘liq javob beradi. Joriy yil oxiriga qadar Uzbekistan Airways bo‘lajak aviatorlarni dastlabki tayyorlash uchun yana bir simulyatorni foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda, shuningdek, o‘zining Cessna o‘quv avialaynerini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.