Sog‘lom turmush tarzi Uzbekistan Airwaysning eng muhim qadriyatlaridan biridir. Aviakompaniya doimiy ravishda xodimlarini jismoniy va ruhiy sog‘lom bo‘lish uchun ilhomlantirishga harakat qiladi. Poytaxtimizda joylashgan Eko parkdagi yoga mashg‘ulotlari esa xodimlar uchun tabiat qo‘ynida zavqlanib jismoniy faollik bilan shug‘ullanish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.
Mazkur tadbir tashabbuskorlari Uzbekistan Airways Xodimlar bilan ishlash boshqarmasining Ijtimoiy siyosat bo‘limi xodimlari hamda aviakompaniyaning Yoshlar Ittifoqi boshlig‘i bo‘lib, “Uzbekistan Airways” AJ Kasaba uyushmasining moliyaviy ko‘magi bilan tashkillashtirildi.
Ochiq havoda bo‘lib o‘tgan sport tadbiri Uzbekistan Airways xodimlarining stressni yo‘qotib rohatlanishga hamda tabiat bilan birgalikda tinchlanishiga yordam berdi. Yoga mashg‘uloti mobaynida qatnashuvchilarga umurtqa pog‘onasini yumshatuvchi va mustahkamlovchi hamda harakatni muvofiqlashtiruvchi mashqlar o‘rgatildi.
Xodimlar yoga bilan shug‘ullanish va sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilish imkoniyatini yaratib bergani uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi. Ularning ko‘pchiligi bunday tadbirlar nafaqat jismoniy, balki emotsional jihatdan ham foydali ekanligini, hush kayfiyat va farovonlikni yaxshilashini ta’kidlab o‘tdi.
Eko parkda yoga mashg‘ulotlarini tashkil etish Uzbekistan Airways aviakompaniyasi sog‘lom turmush tarzi va xodimlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotganiga yorqin misol bo‘la oladi. Aviakompaniya xodimlarning salomatlik va baxtli bo‘lishi uchun shu kabi sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishda davom etadi.