Uzbekistan Airways Training Center “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlari rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalari, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti xodimlari va yoshlar ishtirok etishdi.
Shuningdek, tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Maxfuza Yo‘ldosheva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va tarjimon Zikrilla Ne’mat, O‘zbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari AbdunabiAbduvaliyev hamda OAV vakillari taklif etildi.
Ma’ruzachilar bunday tadbirlarning ahamiyati va mustaqillik biz uchun qanchalik muhim va aziz ekanligini ta’kidladilar. Yoshlar esa, o‘z navbatida, mustaqillik eng katta ne’mat, uni hurmat qilish va qadrlash kerak degan fikrlarini o‘z chiqishlarida namoyon etdilar. Uchrashuv doirasida O‘zbekiston mustaqilligi, tinchlik va barqarorlik haqidagi she’rlar, kuy va qo‘shiqlar yangradi.