Uzbekistan Airways'da O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda aviakompaniya rahbariyati, xodimlari, faxriylar, shuningdek, yoshlar ishtirok etdi.
"Uzbekistan Airways" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov mustaqillik yillarida, xususan, aviatsiya sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni ta’kidlab o'tdi. Mustaqillik yillarida savdo-iqtisodiy soha, madaniyat va turizm sohalari o‘ziga xos rivojlanish bosqichini oldi, bu esa, shubhasiz, aviakompaniya uchun katta plyus bo‘ldi. So‘nggi bir necha yil ichida aviapark 10 dan ortiq zamonaviy samolyotlar bilan to‘ldirildi, aviakompaniya uchuvchilarni tayyorlashni boshladi va havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirdi.
“Mustaqillik biz uchun, butun oʻzbeklar uchun eng ulugʻ, eng qimmat bayramdir, zero, har bir inson mustaqillik, tinchlik va barqarorlik qimmatini anglashi kerak. Bugun 32 yillik yubileyimizni nishonlayapmiz, yangi samolyotlarni kutib olyapmiz, mustaqillikka she’r va qo‘shiqlar bag‘ishlayapmiz. Qolaversa, istiqlol bilan tengdosh yosh avlodimiz allaqachon salmoqli marralarni zabt etib, faqat olg‘a, yorug‘ va porloq kelajak sari intilishlariga ishonaman. Uzbekistan Airways mustaqil O‘zbekistonning yetakchi milliy aviatashuvchisi ekanligini jahon miqyosida namoyish etib, yanada yuqori natijalarga intiladi!”, – dedi Shuhrat Xudayqulov.
O‘zining tashabbuskorligi va maqsadliligi bilan ajralib turgan aviakompaniya xodimlarini taqdirlash tadbirning ajralmas qismi bo‘ldi. Ular, o‘z navbatida, hukumat va aviakompaniya tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Tadbir davomida Mustaqillik bayrami munosabati bilan aviakompaniya xodimlariga faxriy yorliqlar ham topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan bir guruh davlat xizmatchilari, ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy soha xodimlarini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan "Uzbekistan Airways" AJ'ning ham quyidagi xodimlari mukofoti bilan taqdirlandi:
– Kochnev Konstantin Dmitrievich – “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati parvozlar uslubi bo‘limi “Boing-787” havo kemasi komandiri, "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi" faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
– Filipas Vladimir Ivanovich – “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati “Uzbekistan Airways Sales” filiali direktori “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbir doirasida yosh jamoalar ishtirokida istiqlol, tinchlik va farovonlik haqidagi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Mukofotlanganlar haqida:
Kochnev Konstantin Dmitriyevich fuqaro aviatsiyasidagi faoliyatini 2012-yilda Uzbekistan Airways aviakompaniyasidagi Il-114 samolyotining ikkinchi uchuvchisi sifatida boshlagan. 2014-yilda qayta tayyorlashdan so‘ng Airbus A320 tipidagi havo kemalarda parvozlarni amalga oshira boshladi, 2017-2019-yillarda Boeing 787 Dreamliner turidagi avialaynerlarda parvozlarni amalga oshira boshladi, 2021-yildan buyon kema sardori sifatida butun dunyo bo‘ylab parvozlarni amalga oshirmoqda.
Filipas Vladimir Ivanovich o'z faoliyatini 1990-yilda boshlagan. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasini tashkil etish va rivojlantirishda faol ishtirok etgan. 1992-yilda milliy aviakompaniya tashkil topganidan buyon SITA xalqaro telekommunikatsiya tarmog'ining ma'lumotlar uzatish kanallarining ishlashini ta'minladi. 1994-yilda u Havo aloqalari bosh agentligiga o'tkazildi, shuningdek, "Gabriel" global avtomatlashtirilgan bronlash tizimi va "Ticketing" avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish guruhiga rahbarlik qildi. U elektron chiptalarni sotish bo'yicha E-Ticketing tizimini joriy etish bo'yicha loyiha menejeri vazifasini o'tagan va UzAirPlus loyihasini boshqargan. 2021-yildan buyon Uzbekistan Airways Sales filiali direktori lavozimida ishlab, O‘zbekistondagi havo transporti savdo tarmog‘ini boshqarib kelmoqda. "Amadeus"ning yangi global bron tizimini joriy etish va Uzbekistan Airways aviachiptalarini zamonaviy onlayn sotish tizimini joriy etishda faol ishtirok etdi.