Bugun, 14-avgust kuni Uzbekistan Airways rahbariyati Nukus shahrida tadbirkorlar, turoperatorlar va aviachiptalar sotuvi bo‘yicha agentlar bilan uchrashdi.
Tadbir ishbilarmonlar va sayyohlik agentliklari xodimlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, yuzaga keladigan muammoli masalalarda o‘zaro manfaatli yechim topish va uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar Uzbekistan Airways va aviakompaniyaning biznes va xizmatlar sohasidagi hamkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Ishtirokchilarning barcha istaklari o‘rganilib, keyinchalik ishlab chiqish va amalga oshirish uchun qabul qilindi.
Uchrashuvda yo‘lovchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish, himoya qilish va kafolatlash bo‘yicha olib borilayotgan maqsadli ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi respublikamizning barcha hududlarida tadbirkorlar bilan shu kabi uchrashuvlarni tashkil etib, muammolarga yechim topishda va ularning taklif va mulohazalarini o‘rganishda davom etadi.