Uzbekistan Airways bosh ofisida Transport prokuraturasi va aviakompaniyaning rahbariyati bilan birgalikda tadbir tashkil etildi. Tadbir mavzusi “Korrupsiyaga qarshi choralar va qonun hujjatlariga rioya etish” bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori Ikrom Narimov va “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hukumat doirasida ishlar olib borilayotgani, unga qarshi keskin qonuniy choralar ko‘rilayotgani, buning uchun bir necha qonun hujjatlari imzolanganini ham alohida ta’kidladilar.

Yangilanayotgan Oʼzbekistondagi bunday tarixiy ishlar, ayniqsa, mamlakat va xalq farovonligini oshirish, hududlarimiz qiyofasini oʼzgartirish, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, adolatni taʼminlashda ham aviatsiya xodimlarini ham katta hissalari bor. Shu bilan birga, bugungi islohotlar shunday shiddat va koʼlam kasb etmoqdaki, qaysi soha va tarmoqda boʼlmasin, hatto yillar davomida toʼplangan bilim, tajriba va koʼnikmalar bunday oʼzgarishlar talabiga javob bermay qolmoqda. Soʼnggi yillarda davlat organlari bilan aholi oʼrtasida ochiq muloqotni yoʼlga qo‘yish, dolzarb muammolarni aniqlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha alohida davlat dasturlari amalga oshirilmoqda.

Bu borada davlat idoralari rahbarlari zimmasida katta masʼuliyat bor, zero, har bir rahbardan eng avvalo, oʼzining fidokorligi, masʼuliyati, vatanga va el-yurtga sadoqati bilan qoʼl ostidagi xodimlarga oʼrnak boʼlishi, shu bilan birga, butun tizimda qonun talablariga itoatkorlik muhitini shakllantirishi talab qilinadi.
Uchrashuvda jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat taʼminlanmasa, qonunlar ijrosiz qolsa, har qanday tashabbus va islohotlar samarasiz boʼladi, bora-bora tartib-intizom izdan chiqib, parokandalikka olib kelishi ta’kidlandi.

Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik borasidagi ishlarining samaradorligini reyting baholash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash tizimlari joriy etildi. Barcha davlat idoralarida komplaens va samaradorlikni baholash reytingi tizimlari yoʼlga qoʼyilib, davlat xaridlari toʼliq raqamlashtirildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning tashabbuslari asosida korrupsiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish, bu illatga batamom chek qoʼyish borasida keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, dastlabki bosqichda asosiy eʼtibor qonunchilik bazasini xalqaro talablarga mos tarzda takomillashtirish, davlat boshqaruvini demokratlashtirish va shaffofligini taʼminlash masalalariga qaratilib, 100 dan ortiq normativ-hujjat, shu jumladan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi hamda mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlari belgilandi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
“Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar”, degan tamoyil kim boʼlishidan qatʼiy nazar, har qanday qonunbuzarga nisbatan ertami-kechmi, albatta tatbiq etilishi shubhasizdir.
Korrupsiya – butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga toʼsqinlik qiladigan xatarli tahdid boʼlib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va qonun ustuvorligini mustahkamlash yoʼlidagi eng katta toʼsiqlardan biridir.
Аmaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat idoralarida korrupsiyaning oldini olish, samarali natijalarga erishish ichki idoraviy nazorat – komplaens nazorat tizimi faoliyatiga bevosita bog‘liq. Shu bilan birga, mazkur tizim korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro standartlar hamda idoraviy chora-tadbirlarni amalda samarali tatbiq qilishga, shuningdek xodimlar tomonidan kasbiy odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Аgar, xorij tajribasiga ahamiyat bersak, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur kabi qator rivojlangan davlatlarda komplaens nazorat tizimi korrupsiyaning oldini olishda hal qiluvchi rol oʼynagan.
Davlatimiz rahbarining qatʼiy talablari asosida bu borada shunday ish uslublari, nazorat mexanizmlari joriy etilmoqdaki, ular orqali har qanday “uddaburon” korrupsionerni ham javobgarlikka tortish imkoni yaratilgan.
Transport porokuraturasi bilan o‘tkazilgan tadbirda “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham aytib o‘tildi. Tadbir so‘nggida masʼul rahbarlarga ko‘rsatmalar berildi:
– xodimlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olish, ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish masalalarini muntazam muhokama qilib, manzilli chora-tadbirlar belgilash;
–xodimlar oʼrtasida huquqiy targʼibot-tashviqot tadbirlarini yanada kuchaytirish;
– korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi faoliyatini jadallashtirish va mazkur tuzilma nazorat tadbirlarini oʼz vaqtida oʼtkazib borish talab etiladi.
Prokuratura organlari tomonidan vazirlik va idoralarda qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiya holatlarini oldini olish, xodimlarning jinoyatchiligiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan zarur choralar ko‘rib borilmoqda. Аlbatta, bunda mazkur idoralar bilan o‘zaro yaqindan hamkorlik qilish, axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish katta samara beradi.