2025-yil 25-mart kuni Urganch shahrida Xorazm viloyati aholisi va "Uzbekistan Airways" AJ vakillari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv “savol-javob” formatida o‘tkazilib, unda yo‘lovchilar, aviatashuvlar sotuvi bo‘yicha agentlar va sayyohlik tashkilotlari vakillari aviatashuvlarning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi.

"Uzbekistan Airways" AJ Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov aviakompaniya doimo muloqot uchun ochiq ekanligini, shuning uchun bunday uchrashuvlar doimiy ravishda mamlakatning turli hududlarida o‘tkazilishini ta’kidladi. Tadbir davomida aviakompaniyaning yo‘lovchi va yuk tashish, yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish va o‘qitish, narxlarni belgilash va aviatashuvlar sotuvi bo‘yicha agentlari bilan ishlashni takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tildi.


Tadbir ishtirokchilari “Uzbekistan Airways” AJ guruhiga kiruvchi Silk Avia aviakompaniyasi negizida aviatashuvlar ichki bozorining rivojlanishi haqida ham batafsil ma’lumot olishdi. O‘zbekiston Respublikasi ichidagi aviaqatnovlarni ko‘paytirish va fuqarolarimizning havo transportida harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish aviakompaniya oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biridir.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Shuxrat Xudaykulov respublikada amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, “Uzbekistan Airways” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy ong va madaniyatni oshirish, shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazib kelinayotganini ta’kidladi. Ta’kidlanganidek, “Uzbekistan Airways” AJda biznes hamkorlar va fuqarolarning korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga oid ishlar bo‘yicha ichki korrupsiyaga qarshi nazorat xizmatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari uchun bir necha turdagi ishonchli aloqa kanallari yo‘lga qo‘yilgan.


Aviakompaniya faoliyatining barcha jihatlariga oid ko‘plab takliflar va masalalar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladiganlari esa puxta ishlab chiqish uchun aviakompaniyaning tegishli bo‘linmalariga topshirildi.


Uchrashuv ishtirokchilari bunday hamkorlik aholi va biznes ehtiyojlarini yaxshiroq hisobga olishga yordam berishini, shuningdek, mintaqada havo aloqasini rivojlantirishga hissa qo‘shishini ta’kidladilar.