Manohar xalqaro aeroportida yangi yoʻnalishning yoʻlga qoʻyilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda aviakompaniya vakillari, BSP-konsolidatorlar va aeroport rahbariyati hind an’analariga hurmat belgisi sifatida birgalikda sham yoqib, bayramona tortni kesishdi.
Goadan Toshkentga yoʻl olgan HY430 qatnoviga ro‘yxatdan o‘tgan birinchi yo‘lovchi Aleksandr Goncharenko bo‘ldi. Jami Uzbekistan Airways o‘z bortiga 80 dan ortiq yo‘lovchini qabul qildi: bular Novosibirskda tahsil olishga yo‘l olgan talabalar hamda O‘zbekistonni o‘zlari uchun kashf etishni istagan sayyohlar. Ularning har biriga parvozdan oldin aviakompaniya va aeroport tomonidan sovg‘alar taqdim etildi.
"Uzbekistan Airways o‘z tarixida ilk marta Toshkentdan Goaga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Ular haftasiga ikki marta: chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Ushbu aviaqatnov Goa aholisini nafaqat O‘zbekiston shaharlari, balki Rossiya bilan ham bog‘laydi. Biz Manohar aeroporti rahbariyati bilan mustahkam aloqalar o‘rnatdik va bugungi marosim buning tasdig‘idir," – dedi Arya Enterprises BSP-konsolidatori Anish Arya.
Tadbir yakunida aviakompaniya vakillari Uzbekistan Airways parvoz ekipaji a’zolariga tort va guldastalar topshirdi.
Goa – Uzbekistan Airways muntazam parvozlarni amalga oshiradigan Hindistonning uchinchi shahri boʻldi. Aviakompaniya yo‘lovchilari shuningdek, dushanba va shanba kunlari Mumbayga, haftaning istalgan kunida Dehliga sayohat qilishlari mumkin. Aviachiptalarni aviakompaniyaning booking.uzairways.com saytida, mobil ilovada, Uzbekistan Airways Sales filialida va aviakompaniya agentlaridan xarid qilish mumkin.