“UzAirPlus” individual ishtirok etish qoidalari va shartlari
Dasturga kirish va sovrinli ballarni to‘plash
16 yoshdan kichik bo‘lmagan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatga (pasport, ID karta) ega bo‘lgan har bir jismoniy shaxs “UzAirPlus” dasturining ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
“UzAirPlus” dasturida ishtirok etishning boshlanish sanasi ro‘yxatdan o‘tgan sana hisoblanadi.
“UzAirPlus” individual dasturida ro‘yxatdan o‘tish quyidagicha amalga oshiriladi:
- Aviakompaniyaning saytidagi “Sadoqatlik dasturi” bo‘limida (“Ishtirokchiga aylanish” yorlig‘ida) onlayn ravishda ro‘yxatdan o‘tish yoki
- bevosita “UzAirPlus” Xizmatiga murojaat etish yoki “UzAirPlus” Xizmatining (plus@uzairways.com, uzairplus@uzairways.com) elektron manzillariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID karta) nusxasini ilova qilgan holda, dasturga kirish to‘g‘risida ariza yuborish, bunday holatlarda yo‘lovchini Xizmat xodimlari dasturda ishtirok etish uchun ro‘yxatga kiritadilar.
Dasturda ro‘yxatdan o‘tish uchun ishtirokchi zarur bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarini (ism, familiya, tug‘ilgan sana, shaxsni tasdiqlovchi hujjatga muvofiq-pasport, ID karta) va majburiy tartibda aloqa ma’lumotlarini (telefon raqami va elektron pochta manzilini) taqdim etishi kerak. Ishtirokchi “UzAirPlus” dasturi qoidalari bilan tanishganidan va ushbu qoidalarning barcha talablari bilan roziligini tasdiqlaganidan keyin ro‘yxatga kirish tugallangan hisoblanadi.
AJ www.uzairways.com saytida ro‘yxatdan o‘tish uchun standart shaklidagi ariza–anketa yo‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda to‘ldirilishi kerak. Muvaffaqiyatli ravishda ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng, ishtirokchi uchun tegishli identifikatsiya raqami belgilanadi va unga xabar qilinadi, shuningdek, ishtirokchining shaxsiy kabinetiga kirish uchun parol avtomatik ravishda tuziladi. Ro‘yxatga olish raqami va shaxsiy kabinetga kirish paroli, ishtirokchiga ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rsatilgan е-mail elektron pochta manziliga yuboriladi. Shaxsiy kabinetga kirish uchun parolni dastur ishtirokchisi mustaqil ravishda o‘zgartirishi mumkin.
Dasturda ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng, ishtirokchi birlamchi Premium statusini oladi.
Ishtirokchining shaxsiy kabinetida uning dasturdagi ishtiroki to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Dasturda ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng, ishtirokchi darhol shaxsiy hisob qaydnomasida aks ettirilgan va o‘z hisobiga kiritilgan 1000 ta tabrik ballarini oladi.
Ishtirokchi tomonidan AJning muntazam qatnovlari bo‘yicha amalga oshirgan har bir parvozi, dastur qoidalariga muvofiq hisoblangan ma’lum miqdordagi ballarni uning shaxsiy hisobiga kiritish uchun asos bo‘ladi.
Ishtirokchi tomonidan “UzAirPlus” dasturida ro‘yxatga olingan sanagacha 90 kundan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida amalga oshirgan parvozlaridagi ballar ham hisobga kiritiladi.
Ballar faqat parvozni amalga oshirgan dastur ishtirokchisining hisobiga o‘tkaziladi. Agar aviachipta sotib olingan vaqtda Ishtirokchining hisob raqami (kartasi) bronga kiritilgan bo‘lsa, u holda ballar avtomatik ravishda hisobga qo‘shiladi.
Ishtirokchi o‘zining shaxsiy kabineti orqali amalga oshirilgan parvozlar bo‘yicha kiritilgan ballar va ularning hisobi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda kuzatishi hamda statusidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot olishi mumkin. Ballarni to‘plash uchun hisobga olinmagan qatnovlar bo‘yicha ishtirokchi shaxsiy kabinetida so‘rovnoma qoldirishi yoki bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzairplus@uzairways.com / plus@uzairways.com elektron pochta manzillari orqali aviachiptaning tartib raqamlari, sana va amalga oshirilgan parvoz yo‘nalishini ko‘rsatgan holda, “UzAirPlus” Xizmatiga murojaat etishi mumkin.
Ballarni hisob raqamiga o‘z vaqtida kiritish uchun ishtirokchi o‘zining shaxsiy hisob raqami haqida xabar berishi yoki aviachiptani bron qilish va to‘lovlarini amalga oshirish vaqtida agentga ishtirokchilik kartasini taqdim etishi yoxud aviakompaniya saytida aviachiptani bron qilish va rasmiylashtirishda “UzAirPlus” grafasida shaxsiy hisob raqamini ko‘rsatishi kerak.
DIQQAT!!! Ishtirokchi o‘zining shaxsiy kabineti, ismi va familiyasi to‘g‘ri kiritilganiga ishonch hosil qilishi kerak.
Dastur ishtirokchisi shaxsiy kabinet orqali hisobning holatini va to‘plangan faol ballarning amal qilish muddatini mustaqil ravishda kuzatib boradi.
Hisobga olinmagan parvoz aniqlangan holatda, shu jumladan, dasturda ro‘yxatdan o‘tish sanasidan 90 kun yoki undan kam vaqt oldin amalga oshirilgan parvozlar ishtirokchi hisobiga kiritilmagan bo‘lsa, u holda ishtirokchi parvoz sanasidan boshlab 36 oydan kechiktirmay sovrinli ballarini hisobiga kiritilishi bo‘yicha murojaat qilishi mumkin.
Ishtirokchida takroriy hisob aniqlangan holatda, hisoblar dastlabki yaratilgan sana bo‘yicha yaratilgan hisobda birlashtiriladi, amaldagi ballar ushbu birlashtirilgan hisobga yig‘iladi.
Yo‘lovchi plastik kartasini yo‘qotib qo‘ygan holatda, karta yo‘qolganligi to‘g‘risidagi ariza va plastik kartani qayta tiklash so‘rovi bilan “UzAirPlus” Xizmatiga yoki aviakompaniyaning eng yaqinda joylashgan Vakolatxonasiga murojaat qilishi kerak. Karta dublikatini rasmiylashtirish va berish vaqtida dastur ishtirokchisining hisobidan kartani yo‘qotganligi uchun jarima sifatida 1500 ta sovrinli ballari yechib olinadi.
Ishtirokchining familiyasi/ismi o‘zgartirilgan holatlarda, o‘zgarishlarni hisob kartasiga kiritish, Ishtirokchining yozma arizasi asosida, tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (nikoh/ajralish to‘g‘risidagi guvohnoma, haqiqiy shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi, pasport, ID karta) yoki ularning skanerlangan nusxalari ilova qilingan holda, “UzAirPlus” Xizmati xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Ariza yozma ravishda “UzAirPlus” Xizmatiga yoki elektron shaklda uzairplus@uzairways.com , plus@uzairways.com. elektron manzillariga yuborilishi mumkin. Kartani almashtirish uchun arizani ko‘rib chiqish muddati, ariza topshirilgan kundan boshlab 7 ish kunini tashkil qiladi.
“Uzbekistan Airways” AJ aviakompaniyasi Individual dasturining barcha ishtirokchilarini tug‘ilgan kunlari bilan tabriklaydi. Tug‘ilgan kun sovg‘asi sifatida ishtirokchi shaxsiy hisob raqamiga quyidagi miqdorda sovg‘a mukofot ballarini oladi:
- GOLD darajasidagi ishtirokchilar uchun – 7000 ballar;
- SILVER darajasidagi ishtirokchilar uchun – 3500 ballar;
- Premium darajasidagi ishtirokchilar uchun – 1000 ballar;
Ishtirokchining statusini belgilashda, sovg‘a ballari hisobga olinmaydi.