Uzbekistan Airways rahbariyati va xodimlari Davlat tili kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etib, Milliy bog‘dagi Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
O‘zbek tilining necha ming yillik tarixga ega ekanligi, hazrat Navoiy «Tilga e’tibor-elga e’tibor» iborasi ila bizni ona tilimizdan faxrlanishga, g‘ururlanishga undashligi, ana shu tilda «Xamsa»ni bitib, o‘zbek tiliga asos solgani va tilimizni yuksaklarga ko‘targanini yana bir bor faxr va ehtirom ila xotirladilar.
Millatimiz ruhining, madaniyatining, ma’naviyatining kaliti bo‘lgan til har doim har birimizning e’tiborimizda, e’tirofimizda bo‘lishi darkor. Milliy tilimiz xalqimizning ijodi, asrlar mobaynida yaratgan boyligi, uning ongi, faxri, fikrimiz zikri, qalbi va yurak o‘ti ekanligini to‘la anglab yetolmasak, unga nisbatan hurmatsizlik, beodoblik qilgan bo‘lamiz.
Tilimizning milliy jozibasini saqlash, qadrlash, uning sofligi, qadr-qimmatini asrab qolish, xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada oshirish, ajdodlar ma’naviy merosini chuqurroq o‘rganish, tilimizga e’tibor va e’zoz ko‘rsatish har birimizning burchimizdir.