Koʻpincha yoʻlovchilar samolyotdan tushayotganlarida beparvolik qilib, yoki tiqilinchda shaxsiy buyumlarini qoldirib, chiqib ketishadi. Bagaj yoki shaxsiy buyumlar yoʻqolganda harakat qilish tartibi mavjud. “Uzbekistan Airports Handling” MCHJ bagaj qidirish guruhi boshligʻi Natalya Arapbayeva bunday vaziyatda nima qilish kerakligini tushuntirib berdi.
– Havo kemasi Toshkentga yoki boshqa istalgan shaharga kelib qoʻngach, bortkuzatuvchilar butun samolyotni aylanib, har bir yuk javonini va har bir oʻrindiq ostini tekshirishlari kerak. Ular havo kemasida topilgan barcha buyumlarni I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining “Lost and Found” (Bagaj qidirish) boʻlimiga, agar havo kemasi boshqa shaharga kelib qoʻngan boʻlsa, aviakompaniyaning aeroportdagi vakolatxonasiga topshirishlari kerak. Yoʻlovchilar yoʻqolgan buyumlarini shu yerdan olishlari mumkin, – dedi Natalya Arapbayeva.
Toshkentda yoʻlovchi yoʻqolgan buyumini olishi uchun, haftaning istalgan kunida, kunning istalgan vaqtida +99878 1402914 raqamiga qoʻngʻiroq qilishi, yoki yoʻqolgan buyumni batafsil tavsiflagan holda claim@uzairways.com elektron manzilga so‘rov yuborishi ham mumkin.
– Yoʻlovchiga yoʻqolgan narsa topilgani haqida xabar berilgandan soʻng, u pasporti va havo kemasiga chiqish talonini taqdim etib, shu kuniyoq uni olib ketishi mumkin. Yoʻlovchilar tomonidan unutilgan buyumlar Toshkent aeroportidagi saqlash xonasida 3 oy davomida saqlanadi va shu muddat oʻtgach utilizatsiya qilish uchun yuboriladi. Boshqa shaharlardagi vakolatxonalarda buyumlarni saqlash muddati boshqacha boʻlishi mumkin, – deydi Natalya.
Shuni esda tutingki, 2022-yil 1-maydan buyumlarni saqlash pullik boʻlib, kuniga 7 yevroni tashkil etadi.