Joriy yilning 19-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda HY-271 Toshkent – Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha Qora dengiz ustidagi havo maydonidan amalga oshirilgan parvoz haqida tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat e’lon qilindi.
“Uzbekistan Airways” AJ axborot xizmati bu borada quyidagilarni ma’lum qiladi:
Joriy yilning 19-fevral kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkent – Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha HY271 muntazam qatnovini amalga oshirdi.
Har bir reysning parvoz yo‘nalishi uni amalga oshiradigan aviakompaniya tomonidan ob-havo va barcha davlatlarning havo maydonidagi vaziyatni batafsil tahlil qilish asosida tanlanadi.
Ushbu yo‘nalishdagi parvozlarni cheklovchi aeronavigatsiya ma’lumotlari yo‘q edi.
19-fevral kungi parvoz uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida hamda xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda, HY271 qatnovini O‘zbekiston, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Rossiya Federatsiyasi, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz va Turkiya orqali o‘tadigan marshrut bo‘yicha amalga oshirish rejalashtirilgan edi.
Qora dengiz ustidagi havo maydoni parvozlar uchun to‘liq ochiq va xavfsiz edi. Ayni shu hududda va shu vaqtda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Boeing 757 samolyoti yaqinida Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Iroq va boshqa mamlakatlardagi bir qator aviatashuvchilarning samolyotlari ham o‘z parvozini amalga oshirgani buni tasdiqlaydi.
Qora dengiz ustidan havo kemalari harakati xavfsizligi har doimgidek Rossiya havo harakatini nazorat qilish organlari (Rostov havo harakatini nazorat qilish markazi) va Turkiya (Anqara parvoz ma’lumoti hududi) tomonidan uzluksiz ta’minlandi. Shu bilan birga, Rostov havo harakatini nazorat qilish markazining dispetcheri tomonidan samolyot ekipajiga Qora dengizdagi yuqorida ko‘rsatilgan marshrutga kirish va undan foydalanish uchun ruxsat berildi.
Ta’kidlash joizki, har bir aviakompaniya aviaqatnovlarning parvoz yo‘nalishini belgilangan xavfsizlik talablari asosida, barcha davlatlarning havo maydonidagi vaziyatni batafsil tahlil qilish orqali tanlaydi. Mobodo ma’lum bir cheklovlar mavjud bo‘lsa, aviakompaniya ekipaji ushbu hududni chetlab o‘tish uchun muqobil yo‘nalishlarni tahlil qilib chiqib, bu borada yakuniy qaror qabul qiladi.
Havo kemasida bo‘lgan 155 nafar yo‘lovchining hayotiga hech qanday xavf yuzaga kelgani yo‘q. Parvoz qat’iy belgilangan jadval asosida, xalqaro havo transporti standartlariga to‘la rioya qilingan holda amalga oshirildi.
“Uzbekistan Airways” AJ axborot xizmati ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarga yo‘lovchilar va fuqarolar xavfsizligi to‘g‘risida ishonchsiz va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatganlik uchun qonuniy javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tadi.
“Uzbekistan Airways” AJ Axborot xizmati jurnalist va blogerlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishga hamisha tayyor ekanini ma’lum qiladi”.
“Uzbekistan Airways” AJ Axborot xizmati