O‘zbekistonda mavjud har bir tarixiy obida o‘zining afsonalarga boy o‘tmishiga ega. Ularda o‘zbek xalqining mardligi va mehribon qalbi aks etadi. Fikrimizning yorqin isboti, Termiz shahrida joylashgan Qirqqiz qal’asi. Afsonada shunday deyilgan:
Qachonlardir, O‘zbekiston zaminini oddiy xalq ozodligi uchun kurashgan 40 nafar jangchi ayollar himoya qilgan. Bir kuni ular uzoq safardan so‘ng qal’ada qolishga ahd qilishdi. Bu vaqtda shahar dushman qo‘shinlari tomonidan qurshab olingan edi. Jangchilar dushmanlar bilan kurashishga va yordam kelguniga qadar qal’ani himoya qilishga kelishib oldi. Jang bir necha kun tinimsiz davom etdi. Oxir-oqibat, faqat qabila boshlig’i Guloyimgina omon qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Barcha jangchilaridan ayrilgan sardor qal’a darvozasini tark etib shaharni egallashga qaror qilgan dushmanni kurashga chorladi. Dushmanlarning boshlig‘i Guloyimga yaqinlashib, uning ko‘zlariga boqdi-yu, o‘z o‘limini ko‘rdi. Uning jasoratiga hasad qilib, “Bu shaharning haqiqiy gavharini ko‘rdim” deya o‘z qo‘shinini orqaga chekintirdi. Shunda Guloyim yerga yiqildi va so‘nggi bora ko‘rgani jangchilarning yordamga shoshilayotgani bo‘ldi.
Ba’zi afsonalarda esa bir paytlar Qirqqizda ayollar madrasasi joylashganligi haqida aytiladi. Bu Markaziy Osiyoda juda kam uchraydigan holat. Madrasada qirq nafar qiz tarbiyalangan bo‘lib, ularga Ruhayda binti Varroq ismli o‘qimishli ayol rahbarlik qilgan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirqqiz eramizning IX–X-asrlarida barpo etilgan. Uning me’mori kim bo‘lganligi haligacha noma’lum. Yillar suroni, shiddatli vaqt oqimi binoni ayamadi, shu bois hozir u deyarli vayronaga aylangan. Shunday bo‘lsada, Qirqqiz sayyohlar va o‘zbek xalqi orasida mashhur. Hammasi qal’adagi muhitga bog‘liq. Obidalar o‘tmishga qaytaradi, shahar shovqinidan, kundalik tashvish va muammolardan yiroqda bo‘lish imkonini beradi.
Qirqqiz obidasi o‘ziga xos mutlaq simmetriklikdan tashkil topgan. Arkka eltuvchi har bir yo‘lakning qarama-qarshi yo‘nalishga ega tomoni ham mavjud. Lekin o‘tish joylarining ko‘pligi tufayli qal’a devorlari orasida adashib qolish hech gap emas. Olimlarning fikricha, Qirqqiz 50 xonali va keng yo‘lakli katta saroy bo‘lgan.
Qal’a Termiz shahridan tahminan 3 km shimolda joylashgan. Qirqqizga siz Termiz shaharining temir yo‘l vokzali orqali yoki Termiz xalqaro aeroportidan piyoda 30-40 daqiqada, avtomobilda esa 5 daqiqadan kamroq vaqt ichida yetib borishingiz mumkin.
Endilikda qal’a davlat muhofazasida bo‘lib arxitektura yodgorligi va madaniy-tarixiy meros obyekti hisoblanadi. Chorshanbadan tashqari har kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bilan Termizga sayohat qilib, uning diqqatga sazovor joylarini hamda Qirqqiz qal’asini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin.