Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch xalqaro aeroportlarida Tax Free tizimi joriy etilishi munosabati bilan chet el fuqarolari endi O‘zbekistonda xarid qilingan tovarlardan qoʻshilgan qiymat solig‘ini (keyingi o‘rinlarda — QQS) qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tax Free – xalqaro QQS qaytarish tizimi. Chet elda xaridlarni amalga oshirgan sayohatchilar tashrif buyurgan mamlakat fuqarolari emasligi sababli tovarlar va xizmatlar narxining ushbu qismini to‘lashlari shart emas. Shu sababli, sayyohlar chet el safarlarida xarid qilgan tovarlar uchun QQSni qaytarib olishlari mumkin.
Tax Free tizimiga qanday tovarlar kiradi?
Tax Free tizimi tatbiq etiladigan tovarlar – quruq mevalar, yong‘oq, parfyumeriya, pardoz, charm va mo‘ynali mahsulotlar, yog‘ochdan yasalgan buyumlar, gilam, ipak buyumlar, kiyim-kechak va aksessuarlar, poyabzal, sopol buyumlar, maishiy texnika, telefon, soat, o‘yinchoq, sport anjomlari va boshqalar. Chet el fuqarolari tovar sotib olingan kundan boshlab uch oy ichida pulni qaytarish imkoniga ega. Xaridning umumiy summasi kamida 1 million so‘m bo‘lishi kerak.
Keshbek qanday amalga oshiriladi?
Сhet el fuqarosi App Store yoki Play Market’dan “Soliq” mobil ilovasini yuklab olib, mobil telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak. So‘ngra, “Umumiy xizmatlar” bo‘limida “Tax Free”ni tanlab, xaridlar uchun olingan cheklarning QR-kodini skanerlash darkor. Xarid summasidan QQS summasi avtomatik ravishda hisoblanadi.
Yo‘lovchi jo‘nab ketadigan kuni:
1. Uchib ketish aeroportida parvozni amalga oshirish uchun ro‘yxatdan o‘tishi kerak;
2. Xalqaro aeroport jo‘nab ketish terminalining kirish tomonida ro‘yxatdan o‘tish zalida joylashgan Tax Free shoxobchasiga murojaat qilishi lozim;
3. Bortga chiqish talonini, mahsulot va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni shoxobcha xodimlariga ko‘rsatishi kerak. Mahsulot ochilmagan, ishlatilmagan va yo‘lovchining yonida bo‘lishi muhim.
Shoxobcha xodimi cheklarda koʼrsatilgan tovarlarni tekshiradi va Tax Free avtomatlashtirilgan tizim orqali chet yellik fuqarolarni roʼyxatdan oʼtkazadi. Bunda xarid qilingan tovarlar uchun jami toʼlangan QQS summasining 90 foiz qismi toʼlab beriladi. Xorijiy fuqarolar oʼzlarining xalqaro bank hisob raqamiga yoki bank kartasiga pul mablagʼlarini tovarlar roʼyxatdan oʼtkazilgan kundan boshlab keyingi oyning 25-kunidan keyin olishlari mumkin boʼladi.
Tax Free tizimiga kiritilgan tovarlarning toʻliq roʻyxati bilan tanishish va qoʻshimcha maʼlumotni (https://taxfree.soliq.uz/) havolasi orqali bilib olishingiz mumkin.