Aytishlaricha, agar shahar aholisi milliondan oshsa, metro qurilishi boshlanadi. Aslida, metro shahar aholisining harakatlanish muammolarini hal qilishi kerak va shuning uchun u megapolisning muhim transport bo‘g‘ini hisoblanadi. Toshkentda metro ХХ asrning ikkinchi yarmida, zilziladan keyin yangilangan Toshkent rejasining bir qismi sifatida qurila boshlandi va bu Markaziy Osiyodagi birinchi metro bo‘ldi. Dastlab Chilonzor yo‘li qurildi, so‘ngra O‘zbekiston yo‘li ishga tushdi va 2001-yilda Yunusobod yo‘li foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda poytaxtda qirqdan ortiq betakror, rang-barang va hayratlanarli bekatlar muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ularning ko‘pchiligining o‘ziga xos afzalligi – bu noyob dizayni.
Shubhasiz, Dehli, Parij, London, Nyu-York va boshqa shu kabi yirik shaharlarning metrosi bilan taqqoslaganda, Toshkent metrosi bekatlarini haqiqiy san’at asari deyish mumkin va ko‘pchilikni “nega metroni bezashga bunchalik jiddiy yondoshildi?”- degan savol qiziqtirgani tabiiy.
ХХ asrning 60-yillarida mamlakatimizda metroni loyihalashda “yer osti muzeylari”ni yaratish tamoyiliga amal qilindi va buning tasdig‘ini bekatlarning har birida ko‘rish mumkin. Ayniqsa, "Mustaqillik maydoni", "Hamid Olimjon" va "Pushkin" ular orasida ajralib turadi va eng yaxshi bekatlar sirasiga kiradi. Ularda arxitektura va san’at bir-birini to‘ldirib, yuqori badiiy obraz yaratilgan. Chilonzor bekatini ham ular safiga kiritish mumkin. Bu bekat dizayni ustida Boltiqbo‘yi ustalari ishlaganlar, ular sopol pannolarda Sharqqa, uning hayoti va xalqiga bo‘lgan qarashlarini aks ettirganlar. Yevropaliklarning nazdida Sharq ekzotik o‘lka, shuning uchun bu yerda tasvirlar va shakllar biroz bo‘rttirilgan bo‘lib chiqdi.
O‘zbekiston yo‘lida "Alisher Navoiy" va "Kosmonavtlar" bekatlari dizayn jihatidan eng muvaffaqiyatli hisoblanadi.
"Alisher Navoiy" bekati "Mustaqillik maydoni" singari, noyob loyiha asosida qurilgan – bu yerda shiftlar boshqa bekatlarga qaraganda ancha balandligi bilan ajralib turadi, ammo boshqa o‘ziga xos xususiyatlari ham bor. Bu bekat taniqli rassom Chingiz Axmarov tomonidan bezatilgan. Uning davlat akademik katta teatri devorlarini bezab turgan Alisher Navoiyning mashhur "Xamsa" asariga ishlagan asarlari metro bekatidagi to‘rtta sopol pannoda takrorlangan.
"Kosmonavtlar" bekatidagi yorug‘lik Kosmos tasvirini muvaffaqiyatli to‘ldiradi. Umuman olganda, yoritish har qanday interyer va makon dizayni uchun, shuningdek metro uchun ham muhim o‘rin tutadi.
2020-yilda Yunusobod yo‘li bitkazildi va Chilonzor yo‘lining beshta bekatdan iborat Sergeli tarmog‘i ham foydalanishga topshirildi.
Badiiy dizaynga ko‘ra, Yunusobod yo‘lining bekatlari mutaxassislar tomonidan uncha yaxshi baholanmaydi. Ular badiiy obrazga ega emaslar va me’morchilik va san’at nuqtai nazaridan muvaffaqiyatsiz chiqqan deb hisoblanadi, shuningdek ushbu bekatlar texnologik jihatdan ham o‘zgacha.
Biroq, bu masalada mutaxassislar va oddiy odamlarning fikrlari bir-biridan farq qiladi. Masalan, metro yo‘lovchilarining aksariyati “Bodomzor” bekati juda yoqimli yoritish tizimiga va g‘ayrioddiy dizaynga ega deb hisoblashadi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, “Do‘stlik” (sobiq Chkalov) bekatini ham dizayn jihatidan muvaffaqiyatli deb, bo‘lmaydi. Oddiy yo‘lovchilarni esa, u hayratda qoldiradi. Ham mutaxassislarning, ham yo‘lovchilarning fikriga ko‘ra muvaffaqiyatli deb hisoblangan yagona bekat – bu “Kosmonavtlar” bekati.
Yer osti muzeyi g‘oyasi – noyob loyihadir. Bizning metro bekatlarimiz dizaynining hashamati va o‘ziga xosligini dunyoning hech bir joyida topolmaysiz.