Toshkent davlat transport universiteti sport maydonida universitet talabalari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori kubogi uchun kurash bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi, “Uzbekistan Airways” AJ va Transport universiteti tomonidan tashkil etildi.
Ishtirok etish uchun 200 ga yaqin talaba ariza topshirdi, ular yaxshi sport tayyorgarligini va a’lo natijalarni ko‘rsatdi. G‘olib va sovrindorlarga kubok va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining talabalarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga oid qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.
Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abduraxmanov, O‘zbekiston Respublikasi transport prokurori Ikrom Narimov, “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov sportchilar va tomoshabinlar oldida so‘zlagan nutqlarida mamlakatimiz rahbariyati kelajakda O‘zbekiston sharafini xalqaro sport maydonlarida himoya qiladigan yosh avlodning jismoniy tarbiyasiga katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
Bu kabi musobaqalarni har yili o‘tkazib turishga qaror qilindi.