Bu yil Uzbekistan Airways aviakompaniyasi va dunyodagi eng yirik havo kemalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri – Airbus o‘rtasidagi samarali hamkorlikning 30 yilligi nishonlanmoqda. Aynan Airbus havo kemalari bilan Uzbekistan Airways aviaparkini yangilash jarayoni boshlandi. Natijada aviakompaniya faoliyatining dastlabki yillaridanoq dunyoning mashhur mamlakatlariga parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Uzbekistan Airways tomonidan xarid qilingan birinchi Airbus havo kemasi qanday ko‘rinishga ega bo’lgan?
Uzbekistan Airways va Airbus o‘rtasidagi ilk shartnoma uzoq davom etgan hamjihat ishlar, Airbus zavodlariga xizmat safari, samolyotlarning texnik imkoniyatlarini o‘rganish, Germaniya va Fransiyada uchuvchilarni qayta tayyorlash (yangi turdagi samolyotlarda parvoz amaliyotiga ega bo‘lish)dan so‘ng tuzilgan.
Natijada 1993-yil 16-iyun kuni Uzbekistan Airways birinchi A310 havo kemasini qabul qildi, keyinroq esa aviapark ushbu turdagi yana to‘rtta samolyotlar bilan to‘ldirildi. Ushbu avialaynerlar Toshkentdan Nyu-York, Moskva, London, Frankfurt, Amsterdam, Istanbul, Tel-Aviv, Bangkok, Kuala-Lumpur, Seulga parvozlarni amalga oshirishni boshlagan. Havo kemalarining har biri keng va shinam salonga ega bo‘lib, 192 yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan edi.
Uzbekistan Airways va Airbus o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqichga qadam
Uzbekistan Airways va Airbus o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi muhim bosqichi 2007-yilda oltita A320, 2008-yilda esa mazkur turdagi yana to‘rtta havo kemalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. 2019-yil Uzbekistan Airways aviaparkiga A320 oilasining yangilangan A320 neo havo kemalari kelib qo‘shilganligi bilan yodda qoldi.
Ushbu turdagi havo kemalari shovqinsiz ishlovchi yangi avlod dvigatellari bilan farq qiladi. A320neo samolyotlarining shovqin o‘tkazmasligi uning yutug‘i hisoblanadi. O‘z navbatida bu uzoq davom etuvchi parvozlar jarayonida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Kelajakda yangi Airbus havo kemalari qanday xususiyatlarga ega bo‘ladi?
So‘nggi yillarda Uzbekistan Airways va Airbus o‘rtasida imzolangan eng katta shartnoma bu A320neo oilasiga mansub 12 ta avialaynerlarni yetkazib berish bo‘ldi. Yangi havo kemalarining o‘ziga xos xususiyati ularda Airspace salonining borligi hisoblanadi.
Ushbu samolyotlarning salonlari kengroq, yorug‘roq, katta hajmdagi yuk javonlari va mikroblarga qarshi yuzaga ega bo‘lgan hojatxonalarga ega bo‘ladi. Yangi havo kemalarini yetkazib berish 2029-yildan boshlanadi.
Har bir aviakompaniya uchun asosiy ustuvor vazifa, shubhasiz, o‘z aviaparkini kengaytirishdir. Uzbekistan Airways ham bu yo‘nalishda izchil ishlar olib bormoqda. Biz Airbus bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qilmoqdamiz va yo‘lovchilarimiz manfaati uchun imzolangan istiqbolli shartnomalarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz ushbu kompaniyaning samolyotlaridan qariyib 30 yildan beri foydalanamiz va yaqin kelajakda yangilarini sotib olish ustida ishlashni davom ettiramiz, - Ilhom Mahkamov “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisi.
Nima uchun Uzbekistan Airways doimo A320/321 modellarini tanlaydi?
Uzbekistan Airways doimo Airbus A320/321 modellarini tanlashining asosiy sababini quyidagicha izohlash mumkin.
Birinchidan, A320neo oilasiga mansub havo kemalari eng tejamkor va ekologik toza hisoblanadi. Yuqori samarali dvigatellar tufayli yoqilg‘i sarfi va karbonat angidrid chiqindilari 20% ga kamayadi.
Ikkinchidan, A320/321 havo kemalarida uchuvchilar kabinasi bir xil. Bu aviakompaniyaga uchuvchilarni tayyorlash va havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Uchinchidan, ushbu rusumdagi samolyotlar keng salonga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Bu aviakompaniyaga yo‘lovchilarning maksimal qulayligi uchun kengroq o‘rindiqlarni o‘rnatish imkonini taqdim etadi. Bundan tashqari, ushbu avialaynerlar boshqa turdagi havo kemalariga nisbatan katta hajmdagi yuk javonlariga ega.
Uzbekistan Airways va Airbus yana boshqa loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryaptimi?
Airbus kompaniyasining jamoatchilik bilan ishlash aloqalari bo‘limi menedjeri Mariya Shlyaxtovaning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kompaniya Uzbekistan Airways bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Airbusning MDH mintaqasidagi asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ishonchimiz komilki, biz ikki tomon uchun ham qiziqarli hamda o‘zaro manfaatli bo‘lgan qo‘shma loyihalar uchun yangi imkoniyatlarni yaratamiz. Ularni muhokama qilishga har doim tayyormiz”, - Mariya Shlyaxtova.
Ayni paytda Uzbekistan Airways aviaparkida Airbus oilasiga mansub 17ta havo kemalari mavjud. Ikki kompaniya oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlik oʻzaro kelishuv, qoʻllab-quvvatlash va ishonchga asoslangan. Yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish va yo‘lovchilarni xavfsiz parvozlar bilan ta’minlash maqsadida Uzbekistan Airways Airbus bilan istiqbolli hamkorlikni davom ettiradi.