Uzbekiston Airways aviakompaniyasi Amerikaning Boeing kompaniyasi hamda Dubay Turizm kengashi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning OAV vakillari va blogerlari uchun media-tur tashkil etdi. Media tur 7-10-oktabr kunlari Dubay shahrida boʻlib oʻtadi. Ushbu tur davomida Boeing kompaniyasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv ham tashkil etiladi.
Uzbekistan Airways Boeing kompaniyasidan 1996-yilda oʻzining birinchi Boeing 767 havo kemasini qabul qilgandan beri ushbu kompaniya bilan hamkorlik qilib keladi. 26 yillik hamkorlik davomida Uzbekistan Airways aviaparki Boeing kompaniyasiga tegishli 14 ta havo kemasiga ega bo‘ldi. 2021-yilning may oyida esa Uzbekistan Airways oltinchi Boeing 787 Dreamliner havo kemasini qabul qilib oldi.
Hozirgi kunda aviakompaniya Dubay, Nyu York, Istanbul, Seul va Moskva kabi shaharlarga Boeing 787 Dreamliner havo kemasida parvozlarni amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, Uzbekistan Airways Boeing 767 va Boeing 757 havo kemalaridan Yevroosiyo va Shimoliy Amerika mamlakatlariga yo‘lovchilarni yetkazish maqsadida foydalanadi.
Media-tur davomida aviakompaniya O‘zbekiston-BAA yo‘nalishiga ko‘proq e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.
Bugungi kunda Uzbekistan Airways Toshkentdan Dubay shahriga haftasiga 6 marta – dushanba, chorshanba, payshanba, juma, shanba va yakshanba kunlari muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirmoqda.
Takidlash lozimki, Farg‘ona vodiysidan aviaqatnovlarni koʻpaytirish maqsadida aviakompaniya 2022-yilning 30-oktabridan boshlab Fargʻona – Dubay – Fargʻona yo‘nalish bo‘yicha yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi, parvozlar haftada 2 marta – seshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Aviakompaniya 2022-yilning 31-oktabridan boshlab Toshket – Sharja – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar sonini oshirmoqda. Aviaqatnovlar haftaning dushanba, payshanba va shanba kunlari bajariladi.