“Uzbekistan Airways” AJ joriy yilning 14 va 15-fevral kunlari Isroilning Tel-Aviv shahrida o‘tkazilayotgan IMTM-2023 O‘rta yer dengizi turizm yarmarkasida “O‘zbekiston” milliy stendi ostida ishtirok etmoqda.
Bu yilda IMTM-2023 O‘rta yer dengizi xalqaro turizm yarmarkasi ekoturizm, sog‘lomlashtirish va madaniyat turizm, plyaj yoki shaharda dam olish, individual sayohatlar va ommaviy takliflar kabi yo‘nalishlarni taqdim etmoqda. Ko‘rgazma Isroilning Turizm vazirligi, mehmonxonalar, turizm agentlari va turoperatorlar assotsatsiyasilari ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Ikki kunlik ko‘rgazmada Uzbekistan Airways o‘zining keng ko‘lamli xizmatlari, aviaparki, muntazam yo‘lovchi va yuk tashuvchi aviaqatnovlari, yangi yo‘nalishlar va Yaqin Sharq, Yevropa, MDH va Markaziy Osiyoga amalga oshiriluvchi parvozlarni taqdim etadi.
Mazkur O‘rta yer dengizi xalqaro turizm yarmarkasi O‘zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyatini va aviakompaniya xizmatlarini taqdim etish uchun ajoyib imkoniyatdir. IMTM-2023 yangi aloqalarni o‘rnatish, O‘rta yer dengizi bozoridagi hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va Isroildan O‘zbekistonga potensial sayyohlarni jalb qilish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways Toshkentdan Tel-Aviv shahriga muntazam yo‘lovchi tashuvchi aviaqatnovlarni haftaning dushanba, seshanba va payshanba kunlari amalga oshiradi.