O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu qadamlardan biri – “Uzbekistan Airways Technics” MCHJ hududida davlat va biznes o‘rtasida o‘zaro manfaatli shartlar hamkorligining moslashuvchan modelini shakllantirishga yordam beradigan erkin bojxona zonasini tashkil etish. Aviakorxonada boshlangan tashkiliy-amaliy ishlar 2022-yil oktabr oyining boshiga qadar yakunlandi. Shu vaqt davomida aviatsiya texnikasining ehtiyot qismlari yuklarini saqlash uchun ikkita ombor yaratildi, hudud videokuzatuv tizimi bilan jihozlandi, shuningdek, davlat bojxona xizmati xodimlariga zamonaviy texnologiyalar, internet va aloqa bilan jihozlangan maxsus xona taqdim etildi.
Shuni ta’kidlash kerakki, tashkil etilgan erkin bojxona zonasi xorijiy aviakompaniyalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashga kelgan havo kemalarini bojxona rasmiylashtiruvi xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi, texnik xizmat ko‘rsatishni boshlash (aviatsiya qismlaridan foydalanish) va uning jarayonini qisqartirish imkoniyatini taqdim etadi, bu esa ta’mirlash ishlarini vaqtidan oldin tugatish imkonini yaratadi.
Tashkil etilgan erkin bojxona zonasida:
– xalqaro huquqiy va texnik me’yorlarga muvofiq barcha xorijiy havo kemalari va ularning alohida agregatlarini ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin almashtiriladi;
– mahalliy aviakompaniyalarning havo kemalarini hamda ularning qism va agregatlarini ta’mirlashga zarur bo‘lgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin bojxona zonasi chegarasidan chiqmagan holda xarid qilinib, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan holda foydalaniladi;
– ushbu bojxona zonasiga chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda istisno tariqasida, sertifikatlar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab etilmaydi;
– ta’mirlash maqsadida erkin bojxona zonasiga olib kiriladigan havo kemalarining (shu jumladan, ularning qism va agregatlari) kirib-chiqishida bojxona nazorati ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirmagan holda amalga oshirilishi belgilandi.
Uzbekistan Airways Technics hududida erkin bojxona zonasi tashkil etilgandan so‘ng, birinchi bo‘lib SCAT Airlines (Qozog‘iston Respublikasi) Boeing 737-300 havo kemasi texnik xizmat ko‘rsatish uchun yetib keldi.