Qo‘qon hokimiyati binosida “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyatining Farg‘ona viloyati aholisi, jumladan tadbirkorlar, sayyohlik kompaniyalar vakillari, aviachiptalar sotish bo‘yicha agentlar hamda taqdirini aviatsiya bilan bog‘lash istagida bo‘lgan yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uzbekistan Airways vakillari ishtirokchilarni aviakompaniyaning yangiliklari va yaqin yillarga mo‘ljallangan rejalar bilan tanishtirib, yuzaga kelgan muammolarni hal qilish variantlarini muhokama qildi hamda barcha taklif va mulohazalarni tingladi. Savollarning ko‘p qismi tadbirning o‘zidayoq hal etildi, chuqurroq o‘rganishni talab qiladigan muammolar esa qayd etilib, keyingi ishlab chiqish uchun tegishli bo‘linmalarga topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil boshidan buyon O‘zbekiston Respublikasining turli hududlarida shu kabi bir necha uchrashuvlar o‘tkazilgan. Uzbekistan Airways yo‘lovchilar va hamkorlarning takliflarini o‘rganish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi, bu esa aviakompaniya faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’kidlaydi.