Hurmatli yo‘lovchilar, havo kemasi sahnida yurish-turish qoidalariga rioya qilishingizni so‘raymiz!
Yo‘lovchilar tomonidan havo kemasida o‘zini tutish qoidalarini buzish nafaqat xavfsizlikka tahdid soladi, yo‘lovchilarning noqulayliklar tug‘diradi, balki parvoz va yer usti xodimlari uchun qo‘shimcha yuklamalarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun “Uzbekistan Airways’ AJ rahbariyati qoidabuzarlarga nisbatan quyidagi siyosatni amalga oshiradi:
- tegishli sanksiyalarni qo‘llagan holda yo‘lovchilar xulq-atvori qoidalarining birorta ham buzilishini oqibatsiz qoldirmaslik;
- tartibni buzuvchilarni javobgarlikka tortish va ularga nisbatan tegishli jazo choralarini qo‘llashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga har tomonlama ko‘maklashish.
2024-yil 31-dekabr kuni Sochi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY686 aviaqatnovida yo‘lovchilardan biri havo kemasi sahnida o‘zini tutish qoidalarini buzgan: spirtli ichimliklarni iste’mol qilgan, bortkuzatuvchilarning tanbehlariga tajovuzkor munosabatda bo‘lgan, aviaqatnov yo‘lovchilariga noqulaylik tug‘dirgan, aviakompaniya xodimlariga nisbatan odobsiz xatti-harakatlar qilgan.
Toshkentga yetib kelgach, Toshkent xalqaro aeroporti Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari havo kemasi sahniga chaqirtirilib, huquqbuzarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan va to‘plangan materiallar sudga topshirilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, mazkur yo‘lovchi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 41-1 (Shahvoniy shilqimlik) va 187-moddalari (Jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish) bilan aybdor deb topilgan. Fuqaro besh sutka qamoq jazosiga hukm qilindi. Unga BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarima ham tayinlandi.
Yodingizda bo‘lsin, aviakompaniya qoidalariga rioya qilish yo‘lovchilarning xavfsizligi va qulayligini ta’minlaydi, qoidabuzarlarga esa tegishli choralar ko‘riladi.