2022-yil 21-may kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent – Batumi yo‘nalishi bo‘yicha birinchi qatnovni amalga oshirdi. Airbus A320neo havo kemasi 94 yo‘lovchini Batumi xalqaro aeroportiga yetkazib qo‘ydi. HY-747 birinchi qatnovi suv arkasi bilan kutib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2019-yil 16-iyul kuni Toshkent – Tbilisi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi qatnovni amalga oshirgan. Bundan oldin aviakompaniya O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi aviaqatnovlarni amalga oshirmagan.
2020-yilning boshlarida, mavsumiy talabni hisobga olgan holda, Gruziyaning boshqa shaharlarini ham, charter yoki mavsumiy qatnovlarni tashkil qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish boshlandi, ammo pandemiya rejalarga o‘zgartirishlar kiritib yubordi. 2021-yilning oxiri 2022-yilning boshida Gruziya bo‘yicha ishlar qayta tiklandi, Toshkent – Batumi – Toshkent yo‘nalishida mavsumiy qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
Turizm sohasi tashqi iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashning rag‘batlantiruvchi omillaridan biri bo‘lib bormoqda. O‘zbekistondan Gruziya shaharlariga muntazam qatnovlar ko‘payishi va yangi yo‘nalishlarning ochilishi ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasini yanada rivojlantirish va yo‘lovchi aviatashuvlari hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Uzbekistan Airways Toshkentdan Tbilisiga haftasiga ikki marta – seshanba va juma kunlari qatnovlarni amalga oshirmoqda.
Hozirgi vaqtda Toshkentdan Gruziyaga qatnovlar tariflari:
– Toshkent – Tbilisi yo‘nalishidagi aviachiptalar 2 244 459 so‘mdan (bagajsiz) va 2 570 080 so‘mdan (bagaj bilan), Toshkent – Tbilisi – Toshkent esa 4 538 244 so‘mdan (bagajsiz) va 5 189 486 so‘mdan (bagaj bilan) boshlanadi
– Toshkentdan Batumiga aviachiptalar 2 314 235 so‘mdan (bagajsiz) va 2 663 114 so‘mdan (bagaj bilan), Toshkent – Batumi – Toshkent esa 3 951 656 so‘mdan (bagajsiz) va 4 486 604 so‘mdan (bagaj bilan) boshlanadi.
Narxlar 20.05.2022 holatiga ko‘ra amal qiladi.
Uzbekistan Airways Toshkent – Batumi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta – chorshanba va shanba kunlari qatnovlarni amalga oshiradi.