Moskvada shahridagi “Vnukovo” xalqaro aeroportining 80-yilligi munosabati bilan “Avialedi-2021” go‘zallik tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda “YuTeir”, “Rossiya”, “RusLine”, “Azur air”, “Azimut”, “Armaniston”, “Yakutiya”, “Gazprom avia” va “Uzbekistan Airways” AJ singari to‘qqizta aviakompaniya vakillari – 13 nafar bortkuzatuvchi ishtirok etdi.
E’tirof etish joizki, bortkuzatuvchilarning kasbiy malakalari bilan bir qatorda ularning ijodiy qobiliyatlari ham birdek yuqori baholangan mazkur tanlovda hakamlar hay’ati a’zolari mavzuga doir bellashuv shartlari natijalariga ko‘ra g‘oliblarni aniqladilar. Ishtirokchilar zukkoliklarini namoyish etish bilan birga romantik ko‘rinsada, o‘ziga xos qiyinchiliklarni mujassam etgan mas’uliyatli bortkuzatuvchilik kasbining nozik sirlari bilan ham o‘rtoqlashdilar. Maftunkor qizlar shuningdek, jahon klassik adabiyoti va kino olamidagi o‘zlarining sevimli obrazlarini taniqli jahon dizaynerlarining kechki liboslarida mohirona aks ettirdilar.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning tashqi ko‘rinishidan tortib, ularning kasbiy mahoratlari, omma oldida o‘zlarini qanday tutishlari, shuningdek o‘z aviakompaniyasini munosib darajada namoyish eta olishlarini ham baholadilar.
“Avialedi-2021” go‘zallik tanlovining “Gran-pri”si va g'oliblik tojini “Uzbekistan Airways” AJ vakili – sohada 16 yillik tajribaga ega bortkuzatuvchi hamda ikki farzandning ajoyib onasi Viktoriya Axmedova qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda “Sky Service” xalqaro forumida aviakompanoyamiz bortkuzatuvchilar jamoasi “Yil jamoasi” va “Yilning eng yaxshi parvoz xizmatchisi” degan ikkita yuksak e’tirofga musharraf bo‘lgan bo‘lsalar 2019-yilda u “Savdo servisi – san’at sifatida” nominatsiyasida “Uzbekistan Airways” AJ bortkuzatuvchisi Karina Raxmanova Sky Lady 2019 birinchi go‘zallik tanlovining ikkinchi “vitse-missi”ga aylandi.