26-iyun kuni Uzbekistan Airways Namangan aholisi bilan muloqot qilish uchun sayyor qabul tashkil etdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Namangan viloyat hududiy boshqarmasida sayyohlik kompaniyalari, tadbirkorlar, yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Aviakompaniya rahbariyati so‘nggi yangiliklar, yo‘nalish tarmog‘ini kengaytirish rejalari va Namangan shahridagi "Sharqiy" xab yo‘nalishlari haqida so‘z bordi.
Tadbir aviakompaniya xodimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savollar berishni va javob olishni istagan har bir inson uchun ochiq muloqot tarzida o‘tdi. Qoʻshimcha oʻrganish hamda vaqt talab qiladigan murojaatlar o‘rganib chiqish uchun mas’ul rahbarlariga yuboriladi. Barcha takliflar diqqat bilan o‘rganilib, keyinchalik ishlab chiqish va amalga oshirish uchun inobatga olindi.
Sayyor qabulda yo‘lovchilarning huquq va erkinliklari bilan qonuniy manfaatlarini amalga oshirish, himoya qilish va kafolatlash bo‘yicha olib borilayotgan maqsadli ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Sayyor qabuling maqsadi – yo‘lovchilarda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va aviakompaniya xizmatlarini rivojlantirishdir. Uzbekistan Airways yo‘lovchilarning fikr va takliflarini hisobga olish uchun O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham shunday sayyor qabullar tashkil etishda davom etadi.