Samarqand shahar Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi binosida “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati va xodimlari ishtirokida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. “Savol-javob” formatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvi agentlari, sayyohlik kompaniyalar, tadbirkorlik subyektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Aviatashuvlar sotuvi agentlari va sayyohlik tashkilotlar vakillari jahon tajribasi asosida takomillashtirishni talab qiladigan masalalar bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Yo‘lovchi va yuk tashish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Yo‘lovchilarni tashvishga soladigan masalalarning aksariyati joyida hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar aviakompaniyaning tegishli tarkibiy bo‘linmalariga o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari “Uzbekistan Airways” AJ guruhiga kiruvchi Silk Avia aviakompaniyasi negizida aviatashuvlar ichki bozorining rivojlanishi haqida ham batafsil ma’lumot olishdi. O‘zbekiston Respublikasi ichidagi aviaqatnovlarni ko‘paytirish va fuqarolarimizning havo transportida harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish aviakompaniya oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biridir.
Uzbekistan Airways respublikaning barcha hududlarida bunday uchrashuvlarni tashkil etishda, yo‘lovchilar muammolariga yechim topishda, ularning taklif va fikrlarini o‘rganishda hamda xizmatlar sifatini yaxshilash ustida ishlashda davom etadi. Qayd etish joizki, barcha sayyor qabullar aviakompaniyaning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida jonli efirda uzatiladi.