Uzbekistan Airways aviakompaniyasi matbuot xizmati yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida aviatashuvchini tanlashda ularning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash uchun doimiy soʻrovlar olib borayotganini ma’lum qiladi.
Navbatdagi soʻrov yoʻlovchilarning havo kemasi sahnida taqdim etilayotgan xizmatlar sifati darajasini aniqlash va maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida oʻtkazildi. Soʻrovnomalar Istanbul, Nyu-York, Moskva, Seul, Sankt-Peterburg, Minsk, Riga, Frankfurt-na-Mayne, Dubay, Sharja parvozlarida oʻtkazildi. Soʻrovnomada 2 577 nafar respondent ishtirok etdi, ulardan 2 185 tasi ekonom, 392 tasi esa biznes-klass yoʻlovchilari boʻldi.
Respondentlarga bortkuzatuvchilar tomonidan xizmat koʻrsatish va ularning muomila madaniyati, yoʻlovchilarning chaqiruvlari va soʻrovlariga javob berish tezligi, taqdim etilgan ichimliklar, ovqat sifati va assortimenti, havo kemasida joylashgan videotizimlarga yuklangan dasturlarning xilma-xilligi, sanitariya holati, havo kemasining sahni va hojatxona tozaligi, shuningdek, parvoz haqida umumiy taassurotlariga muvofiq baholash taklif qilindi.
Izohlarda Uzbekistan Airways yoʻlovchilari www.uzairways.com saytida aviachiptani sotib olishda qoʻshimcha bagaj joyini sotib olish imkoniyatini yaratishni, havo kemasida video kontentni yangilash, Sky Shop xizmatini qaytarish, vegan menyusi sifatini yaxshilash, shuningdek, havo kemasida tarqatiladigan – Uzbekistan Airways bosma jurnalini qayta tiklashni soʻrashgan.
Soʻrov natijalariga koʻra, aviakompaniyaning koʻrsatilayotgan xizmatlari sifati boʻyicha yoʻlovchilarni talabi qondirilishi oʻrtacha koʻrsatkichi 89% ni tashkil etdi.
Uzbekistan Airways matbuot xizmati vakillari yoʻlovchilarga avvalgidan koʻra koʻproq soʻrovlar yuborishni boshlashganini ham ta’kidladilar. Yoʻlovchilarni bezovta qilmaslik maqsadida soʻrovnoma bir oyda bir marotaba oʻtkazilmoqda. Aviakompaniya bortkuzatuvchilari parvoz davomida vaqti-vaqti bilan yoʻlovchilarni soʻrovnomalarni toʻldirish haqida e’lonlar qilib borishadi.
Oʻzbek aviatashuvchisi jamoasi, yoʻlovchilar oʻrtasida mazkur soʻrovnoma orqali olingan ma’lumotlarga asoslanib, aviakompaniya rahbariyati Uzbekistan Airways tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun aniq maqsadli yechimlarni amalga oshirishi shubhasiz.
Telegram: t.me/uzbekistanairways