Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 4-6 iyun kunlari Istanbulda (Turkiya) bo'lib o'tadigan IATA (AGM) ning 79-yillik umumiy yig'ilishida ishtirok etadi.
Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) – bu butun dunyo bo'ylab 300 ga yaqin aviakompaniyalarni birlashtirgan avia tashuvchilarning sanoat assotsiatsiyasi hisoblanadi. Joriy yilda ishtirokchilar uyushma ishini tasdiqlab uning strategik yo'nalishini belgilaydilar. IATA’ning eng yuqori organi sifatidagi yetakchilik rolidan tashqari, ushbu yig‘ilishda paydo bo'layotgan soha muammolariga e'tibor qaratiladi va a'zolar bilan uchrashish hamda aloqa o'rnatish uchun forum yaratiladi.
Tadbir davomida sohaning eng muhim mavzulari bo‘yicha, shu jumladan, 2050-yilga kelib soha zaxarli gazlarni ishlab chiqarishni kamaytirish yo‘lida qanday rivojlanayotganligi haqida muhokamalar o‘tkaziladi. Tadbirda jami 1000 ga yaqin delegatlar, jumladan, aviakompaniyaning yuqori rahbarlari, asosiy boshqaruv organlari, havo transporti ta'minoti rahbarlari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, tadbir davomida IATA bosh direktori Uilyam Uolshning havo transporti sohasining yillik hisoboti taqdim etiladi.
Uzbekistan Airways’ning Interline/SPA va Code Share tijorat shartnomalari bo‘yicha hamkorlikdagi eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lgan Turkish Airlines IATA AGM tadbiri o‘tkaziladigan joyda har ikki aviakompaniya rahbarlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish tashabbusini bildirdi.